Bugun 11 sentyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Isroil AQShning do‘stiga hujum qildi. Parda ortidagi tafsilotlar (foto)

Isroil AQShning do‘stiga hujum qildi. Parda ortidagi tafsilotlar (foto)

9 sentyabr kuni Isroil xalqaro huquqni buzgan va “qizil chegaralar”ni hatlagan holda Qatar poytaxti Doha shahriga aviahujum uyushtirdi. AQShning yaqin ittifoqchisi sanalgan davlat hududida uyushtirilgan portlashlar Yaqin Sharq mintaqasida kuchlar muvozanatini o‘zgartirib qolmay, Vashingtonga bo‘lgan ishonchsizlikni yanada orttiradi.

Avval xabar berganimizdek, Isroil havo kuchlari HAMAS harakatining Dohadagi qarorgohini bombalagan. Isroil rasmiylari hujum Falastin harakatining yuqori rahbariyatiga qaratilganini ma’lum qilgan.

HAMAS vakillari AQSh tomonidan taklif etilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifni muhokama qilish uchun yig‘ilgan paytda hujumga uchragan.

Dastavval OAV hujum oqibatida HAMASning G‘azo sektoridagi rahbari Xalil al-Hayya va yana bir qator yuqori martabali mulozimlar halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Keyinroq suiqasddan HAMAS yetakchilari omon qolgani, ammo Xalil al-Hayyaning o‘g‘li va yana bir necha falastinlik o‘ldirilgani ma’lum qilindi.

Qatarda bombalar portlashidan ko‘p o‘tmay Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujum uchun mas’uliyatni bo‘yniga olib, HAMAS yetakchilariga qarshi qaratilgan hujum G‘azoda urushni to‘xtatishga yo‘l ochishini iddao qildi.

Isroil rahbariyati Qatarga qarshi amaliyotni mustaqil holda olib borganini ma’lum qildi. Ammo aksar tahlilchilar yahudiy davlati bunday ko‘lamdagi amaliyotni AQSh ruxsati yoki yordamisiz amalga oshira olmasligini aytmoqda.

Isroil AQShning do‘stiga hujum qildi. Parda ortidagi tafsilotlar (foto)

Netanyahu Qatarga hujumga ruxsat bermoqda.
Foto: Shin-Bet

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt Vashington Isroilning hujumlari haqida Qatar rahbariyatini ogohlantirganini aytgan. Ammo Qatar tomoni

hujum haqida avvaldan ogohlantirilmagani, AQSh vakillari portlashlardan o‘n daqiqa o‘tib qo‘ng‘iroq qilganini bildirgan.

Prezident Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida AQShning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan suveren Qatarga hujum uyushtirilishini na Isroil, na AQSh maqsadlariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagani holda, HAMASni yo‘q qilish maqsadini oqlagan. “Bu qarorni men emas, Netanyahu qabul qildi” deb bayonot bergan Tramp Dohaga hujumdan afsus bildirgan, xolos. Shuningdek, u Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan suhbatlashgani va uni bunday hodisa Qatar zaminida boshqa qaytarilmasligiga ishontirganini aytgan.

Rasmiy Vashingtonning Qatarga hujumni ochiq qoralamagani uning hujumdan avvaldan xabardor bo‘lgani va unga ruxsat berganini tasdiqlaydi.

Axios nashri hisob-kitobiga ko‘ra, Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan keyin Yaqin Sharqdagi yetti davlat (Falastin, Livan, Iroq, Suriya, Eron, Yaman va Qatar) hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirdi.

Tel-Avivning urushqoq siyosati esa AQSh tomonidan dastaklanmoqda.

“Tahliliy nuqtai nazardan aytsam, Isroil AQSh “yashil chiroq” yoqmasa, bunday hujumni amalga oshira olmasdi. Agar AQSh “yashil chiroq” yoqmagan bo‘lsa, ushbu xatti-harakatni qoralab bayonot berishi kerak edi”, – deydi siyosiy tahlilchi Marvan Bishar.

Ciyosatshunos Mixail Magid ham Qatarga hujum Trampning “oq fotihasi” bilan uyushtirilgan deb hisoblaydi.

“Tramp va HAMAS G‘azo bo‘yicha Isroil va HAMAS bitimiga doir talablarni kelishib olgan. HAMASning barcha siyosiy rahbariyati ushbu takliflarni muhokama qilish uchun Qatar poytaxti Dohaga yig‘ilgan. Tramp Isroilga ushbu yig‘ilish ishtirokchilariga hujum qilishga ruxsat bergan”, – deb yozadi Mixail Magid.

CNN Qatarga hujumni tahlil qilar ekan, nozik bir nuqtaga e’tibor qaratgan. Nashrning yozishicha, AQSh va Isroilning o‘zi Qatar rahbariyatidan HAMAS yetakchilarini qabul qilishni so‘ragan.

“(Isroilning hujumi) uzoq bir hududdagi maxfiy terror majmuasiga zarba emas, balki balki AQSh va Isroilga avvaldan ma’lum bo‘lgan ob’ektga zarba edi. Har ikki tomon bilan yaqin hamkorlik qilayotgan mamlakat poytaxtiga zarba. Bu misli ko‘rilmagan hodisadir”, – deb yozadi CNN.

Qatar rahbariyati Isroilning hujumini “qo‘rqoqlarcha harakat”, “xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi” deb qoralab, bunga huquqiy javob qaytarilishini bildirdi. Rasmiy Doha Tel-Avivga harbiy yo‘l bilan javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini ham ma’lum qildi.

Qatar AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisi hisoblanadi. Ushbu mamlakat hududida Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi eng katta harbiy bazasi joylashgan. Ikki tomonlama bitimga ko‘ra, AQSh Qatarni turli tahdidlardan himoya qilishi kerak, ammo amalda AQSh Isroilga yaqin ittifoqchisi hududida bombalarni portlatishga ruxsat bermoqda.

Qayd etish kerakki, Isroil Dohaning tinch aholi vakillari yashaydigan eng gavjum hududiga bomba tashlagan. Hujum oqibatida HAMAS vakillaridan tashqari Qatar polisiyasi vakili ham halok bo‘lgan, yana bir necha qatarlik jarohatlangan.

Isroil AQShning do‘stiga hujum qildi. Parda ortidagi tafsilotlar (foto)

Hujum oqibatida qatarlik polisiyachi ham halok bo‘lgan.
Foto: Reuters

Taqdirning hazilini ko‘ringki, Isroil qiruvchi uchoqlariga yonilg‘i quygan samolyotlar aynan Qatardagi Al-Udeyd harbiy bazasidan parvoz qilgan bo‘lishi mumkin.

AQShdan muttasil moddiy, harbiy ko‘mak oluvchi Isroildan farqli o‘laroq Qatar boy davlat sifatida Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotiga juda katta miqdorda sarmoya kiritgan.

Joriy yil may oyida Trampning Qatarga tashrifi yakunida ham rekord darajadagi (1,2 trillion dollarlik) bitimlar imzolangan edi.

Boz ustiga, Qatar Trampning ko‘nglini xushnud etish uchun 400 million dollarlik samolyot sovg‘a qilgani ham ma’lum.

Tahlillarga qaraganda, Isroilning Qatarga hujumi AQSh ittifoqchilarida “Bundan keyin Vashingtonga ishonib bo‘lmaydi” degan fikrni yanada kuchaytiradi.

Xalqaro aloqalar bo‘yicha Yevropa kengashining ilmiy xodimi Chinsiya Byankoning fikricha, so‘nggi hodisalar nafaqat Qatar, balki boshqa arab monarxiyalarida ham “AQSh harbiy sohada ishonchli ittifoqchi emas” degan nuqtai nazarni mustahkamlaydi.

“AQSh bazasi, amerikalik harbiylarning mamlakatga joylashtirilishi tiyib turishning samarali usuli edi, ammo bu o‘z kuchini yo‘qotmoqda”, – deydi Chinsiya Byanko.

Siyosatshunoslarga ko‘ra, so‘nggi hodisalar arab davlatlarining AQShdan masofa saqlab, Global Janub tomon yaqinlashuviga sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, mintaqa davlatlarida Isroilga qarshi kayfiyatni yanada kuchaytiradi.

Ma’lumot o‘rnida: Isroilning Dohaga hujumini BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Qatar suvereniteti va hududiy yaxlitligining qo‘pol ravishda buzilishi deb qoraladi.

O‘zbekiston ham buni Qatar suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholadi.

Kiritildi: 12:51 10.09.2025. O'qildi: 1017 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!