O‘zbekistonda minimal pensiya yoshini oshirish rejalashtirilmoqda. Pensiya islohoti loyihasida pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish ko‘zda tutilgan: erkaklar uchun — hozirgi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun — 55 yoshdan 58 yoshgacha.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng kam pensiya yoshi 65 yoshdan ortiqni tashkil etadi. O‘zbekistonda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilinganidan buyon 32 yil davomida pensiya yoshi oshirilmagan. Faqat O‘zbekiston qoldi, boshqa davlatlar esa pensiya yoshini allaqachon oshirib bo‘lgan.
O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi o‘sib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 75 yoshga yetgan. Agar 20 yil oldin pensionerlar pensiyaga chiqqandan so‘ng o‘rtacha 8−9 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yilga, ayollarda esa 20 yilga yetdi.
Pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan. Pensiya jamg‘armasi pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha aholi takliflarini yig‘ish uchun maxsus platformani ishga tushirmoqchi, bu jarayon bir oy davom etadi. Kelib tushgan takliflar o‘rganib chiqilgandan so‘ng, ularni qayta muhokama qilish, zarur o‘zgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida rasman taqdim etish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, pensiya yoshini oshirishda yumshoqroq variant — har yili yarim yilga emas, balki uch oyga oshirish ko‘rib chiqishilishi mumkin. Shu tariqa, pensiya yoshi har to‘rt yilda bir yilga oshirilib, butun islohot 12 yil davomida amalga oshiriladi. (https://www.spot.uz/oz/2025/09/10/pensions/)