Samarqandda UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida «Best Tourism Villages 2023 Awards» (2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i) nominasiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyatining «Sentob» qishlog‘i g‘olib bo‘ldi.
“O‘zbekiston Prezidentining turizm sektori va, eng avvalo, aholi turmush farovonligiga bo‘lgan e’tibori va tashabbuslari natijasida bugun yurtimiz qishloqlarini butun dunyo tan olmoqda. Navoiy viloyatidagi «Sentob» qishlog‘ining «Eng yaxshi turizm qishlog‘i» nominasiyasidagi g‘olibligi, shubhasiz, mana shu islohotlar samarasidir!”, — dedi Aziz Abduhakimov.
UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili esa turizm qishloqlarining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
«Eng yaxshi turizm qishloqlari” nominasiyasi qishloqlardagi hayotni yanada yaxshilash borasidagi ishlarimizning debochasi, xolos, — dedi Z. Pololikashvili. — Biz turizmni qishloq hayoti taraqqiyotining drayveriga aylantirishni maqsad qilganmiz».
Ma’lumot uchun, «Sentob»ga 2023 yilning 17 mart kuni rasman turizm qishlog‘i maqomi berilgan. Qishloqda muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda.
Ta’kidlash joizki, eng yaxshi turizm qishlog‘i bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatiga O‘zbekistonning jami 5 ta manzili — Samarqand viloyatidagi «Konigil», Navoiy viloyatidagi «Sentob», Surxondaryo viloyatidagi «Sangardak», Jizzax viloyatidagi «Uxum» va Farg‘ona viloyatidagi «Avval» turizm qishloqlari kiritilgandi.
«Best Tourism Villages 2023 Awards» nominasiyasi UNWTO tomonidan 2021 yilda ta’sis etilgan. Asosiy maqsad nafaqat rivojlangan hududlarga, balki o‘z qadriyatlarini saqlagan va an’analarini targ‘ib qilayotgan qishloqlarga ham sayyohlar e’tiborini jalb qilishdir. Marosim bu yil uchinchi bor o‘tkazildi.