Pokiston “Banbyan-ul-Marsus” (“Mustahkam devor”) nomli yirik harbiy operasiyani boshladi, deb xabar bermoqda Pokistonning Geo TV telekanali xavfsizlik idoralaridagi manbalariga tayanib.
Avvalroq Pokiston armiyasi Hindiston tomonidan o‘z aviabazalariga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qilgan va javob choralarini ko‘rishini bildirgan edi. Ushbu bazalardan biri Nur Xan – poytaxt Islomoboddan 10 km uzoqlikdagi Ravalpindi shahrida joylashgan joylashgan. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab havo hududi 10 may mahalliy vaqt bilan tushgacha yopildi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakatning yadroviy arsenalini nazorat qiluvchi Milliy qo‘mondonlik yig‘ilishini chaqirdi. Keyinchalik operasiya boshlangani haqidagi xabar Pokiston hukumatining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ham e’lon qilindi.
Nashr manbalariga ko‘ra, operasiya doirasida Pokiston armiyasi Hindiston hududidagi ko‘plab strategik nishonlarga zarba berishni rejalashtirgan. Xabar berilishicha, dastlabki zarbalar natijasida Hindiston va Rossiya hamkorligida ishlab chiqariladigan BrahMos gipertovushli raketalari ombori yo‘q qilingan.
Shuningdek, nashr manbalari ma’lumotiga ko‘ra, operasiya davomida Pokiston Hindistonning Udhampur va Pathankot aviabazalariga, armiya brigadasi shtab-kvartirasiga va yirik harbiy omborga zarba bergan.
Hindiston ommaviy axborot vositalari, xususan The Times of India gazetasi hozircha Geo TV xabarlarini tasdiqlovchi zarbalar haqida ma’lumot bermagan. Shuningdek, Hindiston rasmiylari ham Pokiston aviabazalariga uyushtirilgan hujumlarga izoh bermagan.