Samarqandda bolalar salomatligi yo‘lida xalqaro hamkorlikning yangi tashabbusi e’lon qilindi. O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga, jumladan, saratonga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Global tarmoq raisi etib saylandi. U ushbu vazifani ikki yil davomida bajaradi.
Global tarmoq nima uchun tuzildi?
Tarmoq birinchi xonimlar va davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlarini birlashtirib, bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, xalqaro tajriba almashish va hayot uchun xavfli kasalliklarga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tarmoq tashkil etilganini AQShdagi "St. Jude" bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti va "St. Jude Global" direktori Karlos Rodriges-Galindo e’lon qildi. Ziroat Mirziyoyevaning raislikka kirishish marosimi Samarqandda Bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress doirasida o‘tkazildi.
Ushbu tashabbus bolalar onkologiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va har bir bolaning sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.