Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Abu-Dabidagi muzokaralarda Rossiya delegasiyasi Rossiya qo‘shinlari Kiyev nazoratida qolgan Donbass hududining yarmini allaqachon nazorat ostiga olganini da’vo qilgan.
Ukraina yetakchisi bu haqda ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina, Rossiya va AQSh vakillari ishtirokidagi muzokaralar yakunlariga munosabat bildirib ma’lum qilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Abu-Dabidagi uchrashuvlardan so‘ng Ukraina muzokaralar guruhi unga tegishli ma’lumotni yetkazgan.
«Abu-Dabidagi uchrashuvlardan keyin muzokaralar guruhimizdan ikkinchi hisobotni olganimda, Rossiya tomoni Ukraina nazoratida qolgan Donbass hududining yarmini allaqachon egallab olgan deb hisoblayotgani haqida xabar berishdi. Rossiya harbiylari va razvedka vakillari bu haqda mutlaqo jiddiy gapirishgan», — dedi u.
Zelenskiy ta’kidlashicha, Ukraina delegasiyasi videotasvirlar, fotosuratlar va boshqa dalillarni keltirgan holda ushbu hududlar Ukraina nazoratida qolayotganini bildirib, Rossiya tomonining da’volarini rad etgan.
«Muammo ham aynan shunda. Putin boshqa voqelikda yashamoqda. Albatta, u amerikaliklarga Ukrainaning sharqini to‘liq nazoratga olish uchun unga bir-ikki oy kerakligini aytadi», — dedi Ukraina prezidenti.
Shu bilan birga, Zelenskiy Amerika tomoni jang maydonidagi vaziyat bo‘yicha Ukraina bergan bahoni tasdiqlaganini ta’kidladi.
Uning fikricha, mavjud kelishmovchiliklar davlat rahbarlari darajasida bevosita muzokaralar o‘tkazish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Zelenskiy muhokama qilinishi lozim bo‘lgan masalalardan biri sifatida Xerson va Dnepr daryosining qarama-qarshi qirg‘oqlaridagi hududlar bilan bog‘liq vaziyatni ham tilga oldi.
«Rossiya tomoni bir qirg‘oqni, Ukraina esa ikkinchi qirg‘oqni nazorat qilmoqda. Biroq odamlar har ikki qirg‘oqda birgalikda yashashni xohlaydi. Bu Ukraina shahri. Bunday masalalar nozik, ammo biz ularni muhokama qilishimiz kerak», — dedi u.
Ukraina yetakchisi, shuningdek, 11 noyabr kuni muzokaralar guruhlari oliy darajadagi uchrashuvni tashkil etish imkoniyatini muhokama qilishi mumkinligini ma’lum qildi.
«Rossiya bunga tayyor ekaniga ishonchim komil emas, ammo biz bu masalani ko‘taramiz», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.