15 noyabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida qurilayotgan binoda yong‘in chiqdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Bu haqda Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 13:08 da Zangiota tumanidagi "Eshonguzar" mahalla fuqarolar yig‘ini, Amir Temur ko‘chasida joylashgan yangi qurilayotgan binodan qora tutun chiqayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 13:18 da to‘liq bartaraf etilgan.
Aniqlanishicha, binoning sokol qismida saqlanayotgan qurilish materiallari, jumladan, penoplast yongan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.