“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi sammit mehmonlari bilan birgalikda markaziy qahramoni Bola bo‘lgan ko‘rgazmani tomosha qildilar.
Ko‘rgazmada tashrif buyuruvchilarga bolaning dunyoga kelishidan ancha oldin — bo‘lajak onaga g‘amxo‘rlik qilishdan boshlanib, xavfsiz tug‘ilish, ilk qadamlar, bog‘cha, maktab, moslashuvning murakkab davri, nihoyat, kasb tanlash va ilk mehnat kunlarigacha davom etadigan ulkan hayot yo‘li aks ettirildi.
Mehmonlar xavfsizlik hissi, yaqinlar mehri, ta’lim olish, muloqot qilish va o‘z kelajagini tanlash imkoniyati kabi asosiy ehtiyojlar ortida davlat va jamiyatning uzluksiz mas’uliyati mujassam ekanini ko‘rdilar. Bu shunday yo‘lki, unda har bir qonun, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va ta’lim sohalaridagi har bir islohot bolaning ertangi kuni imkoniyatlarga to‘la bo‘lgandagina haqiqiy ma’no kasb etadi.
Shundan so‘ng mehmonlar katta «qog‘oz» qayiqcha yoniga kelib, o‘zlarining eng ezgu orzu-tilaklarini yozdilar va unga ilib qo‘ydilar. Go‘yo shu tariqa umumiy umidlar mujassam bo‘lgan qayiqchani katta safarga kuzatgandek bo‘ldilar.