AQSh Eron tomonidan ehtimoliy hujumlar tayyorlanayotgani haqidagi razvedka ma’lumotlari ortidan Yaqin Sharqdagi ayrim diplomatlari va ularning oila a’zolarini shoshilinch ravishda evakuasiya qilmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, evakuasiya jarayoni tartibsiz kechmoqda. Chunki ayrim diplomatlar Eron bilan urush avj olgan paytda hududdan olib chiqilib, yaqindagina o‘z ish joylariga qaytgan edi.
23 oktyabr kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubioga yuborilgan hujjatda razvedka Eronning amerikalik xodimlarga qarshi hujum uyushtirish harakatlari sezilarli darajada faollashganini aniqlagani qayd etilgan.
Shuningdek, hujumlarga tayyorgarlik Yaqin Sharq va ayrim boshqa mamlakatlarda ilg‘or bosqichga yetgani ta’kidlangan.
AQSh Davlat departamenti Saudiya Arabistonidan zarur bo‘lmagan xodimlar va ularning oila a’zolarini olib chiqishni buyurgan. Boshqa bir qator mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalar xodimlari soni ham qisqartirilmoqda.