Bugun 24 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

Yuzlab yahudiy arboblar Isroilni jazolashni talab qilmoqda

Yuzlab yahudiy arboblar Isroilni jazolashni talab qilmoqda

Jahonning turli davlatlarida yashovchi 460 ga yaqin yahudiy namoyandalari – ilm-fan, madaniyat va siyosat arboblari BMT hamda dunyo yetakchilariga Isroil hukumatiga qarshi jazo choralari qo‘llashni so‘rab murojaatnoma yo‘lladi. Murojaat mualliflari Isroilning ishg‘ol ostidagi Falastin yerlaridagi (G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus) harakatlarini vijdonsizlik va genosid deb atagan.

Bayonotga imzo chekkanlar orasida Isroil parlamentining sobiq spikeri Avraam Burg, Isroilning tinchlik bo‘yicha sobiq muzokarachisi Deniyel Levi, “Oskar” mukofoti sohibi, kinorejissyor Jonatan Gleyzer, amerikalik aktyor Uolles Shon, britaniyalik yozuvchi Maykl Rozen, kanadalik adiba Naomi Klyayn, Puliser mukofoti sovrindori Benjamin Mozer, “Emmi” mukofoti sohiblari Ilana Gleyzer va Hanna Eynbinder bor.

“Cheksiz qayg‘udan boshimiz egilgan: Isroilning xatti-harakatlarini yuridik jihatdan ham genosid deb baholash uchun dalillar ko‘payib bormoqda... Falastinliklar bilan birdamligimiz aslo yahudiylikka xiyonat emas, balki unga sadoqat talabidir. Bizning donishmandlarimiz bu yorug‘da dunyoda bir odamni o‘ldirish butun dunyo ahlini o‘ldirishga teng ekanidan ogohlantirganlarida falastinliklarni istisno etmaganlar, albatta. Biz (G‘azo sektorida) o‘t ochishni to‘xtatish (butun Falastin yerlarida) okkupasiya va aparteid siyosatining barham topishiga olib kelmaguncha tinchimaymiz”, – deyiladi murojaatnomada.

Joriy yil 10 oktyabr kuni G‘azo sektorida davom etgan ikki yillik urushni to‘xtatish haqida bitim imzolangan edi. Mazkur bitim omonat va mo‘rt ekaniga e’tibor qaratgan murojaat mualliflari Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida oshib borayotgan zo‘ravonlikka ham chek qo‘yish lozimligini ta’kidlaganlar.

Murojaatnomada BMT hamda xalqaro hamjamiyatdan Isroilning xalqaro huquq me’yorlariga rioya etishini ta’minlash, mazkur davlatga nisbatan sanksiyalar joriy etish va qurol yetkazishni to‘xtatish so‘ralgan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan keyin, ikki yil davomida kamida 68216 nafar falastinlik o‘ldirildi. 10 oktyabr kungi otashkesim bitimidan keyin ham Isroil hujumi oqibatida 100 ga yaqin falastinlik halok bo‘lgan.

Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan.

Joriy yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genosid deb tan oldi.

BMT hisobotiga ko‘ra, Falastinning ishg‘ol ostidagi boshqa hududi – G‘arbiy Sohilda ham zo‘ravonlik kuchayib bormoqda. 2025 yil mobaynida 3200 nafar falastinlik G‘arbiy Sohilda noqonuniy ravishda yashayotgan yahudiylar hujumiga uchragan.

Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti tahlillariga qaraganda, so‘nggi ikki yil ichida G‘arbiy Sohilda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortgan.

Joriy yil iyul oyida Isroil parlamenti (Knesset) Iordan daryosining G‘arbiy Sohili “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilgan holda, hududni qo‘shib olish haqida hujjat qabul qilgan edi. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

Isroilning amaldagi hukumati olib borayotgan jangovar siyosat va xunrezlik amaliyotlari hatto yahudiylar tomonidan ham tanqid qilinmoqda.

Bir necha oy avval Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti – B'Tselem hamda Physicians for Human Rights mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genosid sodir etishda ayblagan edi.

“The Washington Post” gazetasi joriy yil sentyabr oyida o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, AQShda yashovchi yahudiylarning 61 foizi Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan harbiy jinoyatlar sodir etgan deb hisoblaydi. 39 foizi esa bu harakatlar genosid ekaniga ishonch bildirgan.

Kiritildi: 13:32 23.10.2025. O'qildi: 966 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!