Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi maktablardan birining direktori o‘quvchi qizga SMS jo‘natib, shahvoniy shilqimlik qilgan. Direktor sudda o‘quvchini tarbiyalash uchun shunday qilganini aytdi.
Yuqori Chirchiq tumanida maktab direktori o‘quvchi qizga shilqimlik qilgani uchun ma’muriy jazoga tortildi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 39 yoshli J.I. tumandagi maktablardan birida direktor lavozimida ishlaydi. U 16 va 17 aprel kunlari Telegram orqali voyaga yetmagan o‘quvchi qizga shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan Sms xabarlari jo‘natgan.
Direktor sudda aybiga iqror bo‘lgan. U xabarlarni o‘quvchini tarbiyalash maqsadida yozganini aytgan hamda pushaymonlik bildirgan. O‘quvchining qonuniy vakili esa direktor o‘z lavozimiga loyiq emasligini aytib, unga og‘irroq jazo qo‘llashni so‘ragan.
JIB Yuqori Chirchiq tuman sudining qarori bilan J.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.