Bugun 11 dekabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Yana bir ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

Yana bir ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Korrupsiya – aksariyat jamiyatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazuvchi jiddiy jinoyatdir. Biror-bir mamlakat, mintaqa, jamiyat korrupsiyadan immunitetga ega emas. Korrupsiya tadbirkorlikka, fanga, ta’limga, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarga jiddiy zarar yetkazadi, mamlakat korrupsiyalashgan tizimda muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi.

Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning boshidanoq bu haqiqatni chuqur anglagan holda korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ushbu mavzu ayni shu kunlarda muhokama qilinayotgani bejiz emas. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004 yildan boshlab har yili 9 dekabrda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni butun dunyoda nishonlanadi. Ushbu sana mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar samarasini baholash, amaliy natijalarni tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash uchun muhim fursat.

O‘tgan davrda davlat organlarida komplayens nazorati tuzilmalarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, ichki nazorat bo‘linmalarida 11 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazilgani, 793 milliard so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishining oldi olingani ma’lum qilindi. Qariyb 2 trillion so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 478 milliard so‘mlik zarar undirildi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlangani, ular tomonidan 700 dan ortiq o‘rganish, monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazilgani natijasida 354 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 1397 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati hamda qariyb 550 milliard so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 24 nafari ma’muriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi, kadastr va qurilish tizimlari hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga olishda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu tizim Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, idoralarning ichki nazorat bo‘linmalari, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida mazkur illatga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin hamkorligini o‘rnatish va ularning sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.

Klaster doirasida axborot almashish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, monitoring va baholash orqali yaxlit ekotizim yaratiladi, ishlarning samaradorligi oshadi.

Taqdimotda sohani raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Turli idoralarning ma’lumot bazalarini integrasiya qilish asosida Xavf-tahlil markazini tashkil etib, korrupsion xavflarni hamda davlat xaridlarida affillanganlik holatlarini avtomatik aniqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, komplayens bo‘limlarning ishini to‘liq raqamlashtirish, korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni aniqlash tezkorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.

Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq e’lon qilinishi ustidan nazoratni hamda byudjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Preventiv choralarning ko‘lami va ta’sirchanligini oshirishga alohida e’tibor berildi.

Soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi. Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunday soha va tarmoqlarda loyiha ofislari tashkil etilib, faoliyat yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanadi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga keng jamoatchilikni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Bu borada investisiya loyihalarining ijrosini nazorat qiluvchi tashabbuskor guruhlarni ko‘paytirish, qurilish ishlarini nazorat qilishda mahalla faollarining ishtirokini ta’minlash taklif qilindi.

Korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berishni yo‘lga qo‘yish, rag‘batlantirishning real mexanizmini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.«Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishonini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbariga qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligidagi suiiste’molchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, turli sohalardagi iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berildi.

Mutasaddilarga bu borada faqat jinoyatning oqibatlari bilan kurashish emas, balki unga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratish, faoliyatni raqamlashtirib, masofaviy nazorat mexanizmlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Profilaktika ishlarini kuchaytirish, moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, qonunbuzarliklarga imkon beruvchi bo‘shliqlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qonunchilik hujjatlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi ta’kidlandi.

Kiritildi: 23:15 10.12.2025. O'qildi: 398 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!