Eron yangi qurol-yarog‘larni sinovdan o‘tkazdi, mamlakat armiyasi esa yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi.
Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
«Biz qurol-yarog‘ imkoniyatlarimizni yangiladik, zaif jihatlarimizni bartaraf etdik va yangi qurollarni sinovdan o‘tkazdik. Eron qurolli kuchlari eng yuqori darajadagi jangovar shaylik holatida», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan hamkorlikni odatiy tartibga qaytarish uchun vaqt talab etiladi.
«Eron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma a’zosi hisoblanadi va ushbu hujjat doirasidagi majburiyatlariga sodiqdir. Biz urush boshlanishi ehtimolini istisno qilmaymiz va barcha ssenariylarga tayyormiz. Biz barcha frontlarda, jumladan, Livanda ham urushni to‘xtatish va uni to‘liq yakunlashni talab qilmoqdamiz.
Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni Eron va Ummon tomonidan belgilangan yangi kemalar qatnovi yo‘nalishi qabul qilinishi hamda boshqa yo‘nalishlarning yopilishi sharti bilan bog‘layapmiz», — dedi Aroqchi.
Qayd etish joizki, Eron Qatardagi muzlatilgan aktivlarini ham blokdan chiqarishni talab qilmoqda.