Avvalroq husiylar Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi o‘rnatilganini e’lon qilgandi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi mazkur guruh dengizchilik kompaniyalariga ogohlantirish yubordi.
Husiylarning tahdidlari Eronning Arab yarimorolining boshqa tomonidagi kemalarga tahdidlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Bu holat Saudiyaning neft eksportiga jiddiy ta’sir qilishi va hududdagi inqirozni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Tahdid jiddiy qabul qilinmoqda. Saudiya Arabistoni neftini Xitoy va Hindistonga olib ketayotgan uchta kema yo‘nalishini o‘zgartirdi. Ular Qizil dengizning husiylar nazoratidagi hududdan uzoqlashib, Suvaysh kanali tomonga burildi. Husiylar esa oltita kema yo‘nalishini o‘zgartirganini aytmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp 21 iyul kuni Oq uyda Livan prezidenti Jozef Aun bilan uchrashuvda agar husiylar Saudiya Arabistoniga tahdidlarini amalga oshirsa, Qo‘shma Shtatlar chora ko‘rishga majbur bo‘lishini aytgandi.
Husiylar Yaman shimolini, jumladan, Qizil dengizning janubidagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozini nazorat qiladi. Ular ushbu suv yo‘li yopilganini rasman e’lon qilmadi. Ammo Saudiya portlariga boradigan kemalarga tahdid qilgani xavfsizlik borasida jiddiy xavotir uyg‘otdi. Ushbu yo‘lak orqali dunyo dengiz savdosining 7 foizi o‘tadi.