Bugun 30 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

V «Zakovat-Gambit» turniri g‘oliblari 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun kurashmoqda

V «Zakovat-Gambit» turniri g‘oliblari 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun kurashmoqda

Poytaxtimizda rekord darajadagi 5831 nafar shaxmatchini o‘zida jamlagan V «Zakovat-Gambit» turnirining hal qiluvchi final o‘yinlariga start berildi.

Bu yilgi musobaqa yanada keng qamrovli bo‘lishi va barcha shaxmatsevarlarga imkoniyat berish uchun ilk bor ikki xil saralash tizimi joriy etildi: avval respublikaning barcha 14 hududida yuzma-yuz bahslar, so‘ngra esa onlayn platformada qo‘shimcha saralash o‘yinlari tashkil qilindi.

«Zakovat arena» binosida o‘tayotgan final bahslarida ishtirokchilar o‘z darajalariga ko‘ra beshta guruhga bo‘lingan holda jami 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun o‘zaro dona surmoqda. Ushbu guruhlarning har birida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlarga 50 million, ikkinchi o‘ringa 30 million, uchinchi o‘ringa va ayollar o‘rtasidagi eng kuchli ishtirokchiga esa 20 million so‘mdan pul mukofotlari berilishi belgilangan.

Shu bilan birga, musobaqaning eng yosh qatnashchisi bo‘lgan 8 yoshli Mustafo Po‘latov va eng yoshi ulug‘ ishtirokchi — 63 yoshli grossmeyster Toir Vohidovning har biriga 10 million so‘mdan maxsus mukofot topshiriladi. Turnirning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, unda Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova va Umida Omonova kabi terma jamoamizning mashhur a’zolari ham ishtirok etmoqda.

Nufuzli mehmonlar sifatida taklif etilgan jahon shaxmati yulduzlari — grossmeysterlar Peter Leko va Xampi Koneru yosh sportchilarimizga qarshi seans o‘yinlari o‘tkazib, mamlakatimizda shaxmat juda tez rivojlanayotgani hamda yoshlarning ko‘zidagi ishtiyoq ularda kuchli taassurot qoldirganini alohida ta’kidlashdi.

Barcha guruhlardagi yakuniy g‘oliblarni taqdirlash marosimi 30 oktyabr kuni «O‘zbekfilm» pavilyonida tantanali ravishda o‘tkaziladi.

Kiritildi: Bugun 09:53. O'qildi: 288 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!