Bugun 22 may, 2026 yil, juma

КИР

Uztelecom: “KOD IB Tashkent 2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Uztelecom: “KOD IB Tashkent 2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 21 may kuni poytaxtimiz yana bir bor yirik xalqaro IT-tadbirga mezbonlik qildi. Uztelecom tashabbusi bilan tashkil qilingan “KOD IB Tashkent 2026” xalqaro konferensiya IT, kiberxavfsizlik hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni bir maydonga jamladi.

KOD IB va AICA hamkorligida tashkil etilgan va biznes vakillari, IT-ekspertlar, AI-jamoalar va texnologik yetakchilar ishtirok etgan konferensiyada sohadagi bugungi kunning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xususan, biznes jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish, AI yechimlari uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va ma’lumotlarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, raqamli transformasiya bo‘yicha amaliy tajribalar va mintaqada AI ekotizimini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir davomida yetakchi ekspertlarning ma’ruzalari, panel munozaralari hamda innovasion ishlanmalar taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, “Startup Alley” maydoni konferensiyaning eng qiziqarli nuqtalaridan biriga aylandi. Ushbu platformada texnologik jamoalar o‘zlarining ilg‘or AI yechimlarini namoyish etib, tahlildan tortib avtomatlashtirishgacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarda, jumladan moliya va yuridik sohalar uchun mo‘ljallangan ishlanmalarni taqdim etdilar.

“KOD IB Tashkent 2026” konferensiyasi sun’iy intellektning kelajagi, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda biznes va davlat sektorida yangi imkoniyatlarni ochib beruvchi muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Tadbirda to‘plangan tajriba va ilgari surilgan g‘oyalar mamlakatda raqamli texnologiyalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Kiritildi: Bugun 09:42. O'qildi: 199 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!