Kaspiy dengizi xavotirli tezlikda qurib bormoqda – DW.
Kaspiy dengizida suv sathining o‘zgarib turishi avvalroq ham kuzatilgan, biroq olimlar 1990-yillarda boshlangan hozirgi pasayish jarayoni to‘xtamasligidan ogohlantirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, joriy asrning o‘zidayoq dunyodagi eng yirik yopiq suv havzasining suv sathi taxminan 18 metrdan 21 metrgacha pasayishi mumkin. Ma’lumot uchun, ayni paytda Kaspiy dengizining maksimal chuqurligi 1025 metrni, maydoni esa qariyb 390 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi.
"Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 18 metr bu olti qavatli binoning balandligidan ham kattaroq demakdir", — deya ta’kidladi Buyuk Britaniyaning Lids universiteti biologi Saymon Gudman. U Kaspiy suv sathining pasayishini global isish jarayoni bilan bog‘ladi.
Neft, gaz va ko‘mir yoqilishi oqibatida atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlari havo haroratini ko‘tarib yuboryapti, bu esa dengiz yuzasidan suvning bug‘lanishini keskin oshirmoqda.
Agar suv sathi hatto 10 metrga pasaysa ham, ulkan hududlar butunlay qurib qolishi mumkin. Bu esa Kaspiy suv yuzasi maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolishiga olib keladi. Ayrim joylarda bu jarayon allaqachon shiddat bilan tezlashib bormoqda. Masalan, ilgari o‘n minglab tyulenlar (dengiz mushuklari) bahorgi tuklanish davrida to‘planadigan shimol-sharqiy qirg‘oqlar hozirda butunlay quruqlikka aylanib ulgurgan, deyiladi maqolada.