Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir X ijtimoiy tarmog‘ida joylagan videoda Isroil harbiy-dengiz kuchlari tomonidan to‘xtatilgan Global Sumud flotiliyasi faollari Ashdod portida tiz cho‘kkan, qo‘llari orqaga bog‘langan va boshlari pastga qaratilgan holda tasvirlangan. Vazir esa ular orasida Isroil bayrog‘ini ko‘tarib yurib, “Isroilga xush kelibsizlar, bu yerda biz xo‘jayinmiz”, deya baqirgan. Post ostida Ben-Gvir ushbu shaxslarni “terrorizm tarafdorlari” deb atagan.
Italiya, Franiiya, Kanada, Niderlandiya, Belgiya va Portugaliya Isroil elchilarini tashqi ishlar idorasiga chaqirgan bo‘lsa, Ispaniya Isroilning Madridda elchisi bo‘lmagani sababli vaqtincha ishonchli vakilni chaqirtirdi.
Evropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati vakili Anuar El-Anuni ushbu munosabatni “butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, har bir ushlangan shaxsning xavfsizligi va qadr-qimmati ta’minlanishi hamda xalqaro huquq normalariga rioya qilinishi shart.
EI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ham faollarga munosabatni “kamsituvchi va mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb baholadi. U Ben-Gvirning harakatlari demokratik davlat mansabdoriga munosib emasligini ta’kidladi.
AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi flotiliya ishtirokchilarining harakatini “ahmoqona aksiya” deb atagan bo‘lsa-da, Ben-Gvir “o‘z millatining qadr-qimmatini yerga urgani”ni bildirdi.