Stenddan o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qatar poytaxtida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatidagi ishtirokini muvaffaqiyatli yakunladi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, musobaqa yakunida hamyurtlarimiz bittadan oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Xususan, o‘smirlar toifasida turnir g‘olibiga aylangan va yangi jahon rekordini o‘rnatgan Oxunjon Abduqodirovning chiqishi alohida e’tirofga loyiq.
Shuningdek, Yaroslava Eshtayeva kumush medalga sazovor bo‘ldi. O‘smirlar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda esa Oxunjon Abduqodirov, Azamat Qayumov va Shohrux Sadirov bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
Qit’a birinchiligidagi ushbu muvaffaqiyatli ishtirok o‘zbekistonlik merganlarning tayyorgarlik darajasi yuqori ekanligini va xalqaro maydonda raqobatbardoshligini yana bir bor tasdiqladi.