Bugun 5 noyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekistonda yillik inflyasiya pasaydi

O‘zbekistonda yillik inflyasiya pasaydi

O‘zbekistonda yillik inflyasiya pasaydi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oktyabr oyida inflyasiya 0,6 foizni tashkil etdi — bu sentyabrdagi ko‘rsatkich bilan bir xil, ammo 2024-yil oktyabridagi 0,8 foizlik darajadan past.

Yanvar–oktyabr oylarida jami inflyasiya 5,7 foiz bo‘ldi. Yillik inflyasiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi — bu bir oyda 0,2 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 2,4 foiz punktga kamaygan. Meva va sabzavotlar narxlari hisobga olinmagan holda, inflyasiya oylik 0,5 foiz, yillik 8,6 foiz bo‘ldi.

Narxlar o‘sishi kuzatilgan mahsulotlar orasida tuxum 4,1 foizga, qo‘y va mol go‘shti 1,7 foizga, sut 1,2 foizga, o‘simlik yog‘i esa 0,8 foizga qimmatlashgan.

Eng katta qimmatlashish meva va sabzavotlarda kuzatilgan: pomidor 61,1 foizga, bodring 58,2 foizga, baqlajon 11,3 foizga, bulg‘or qalampiri esa 10,6 foizga oshgan.

Nonoziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatlashgan. Yillik hisobda ular mos ravishda 5,8 foiz va 8,7 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyasiya Andijon viloyatida (0,9 foiz), eng past ko‘rsatkich esa Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida (0,5 foiz) qayd etilgan. Yil boshidan beri narxlar eng ko‘p Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona viloyatlarida (6,2 foiz), eng kam esa Toshkent shahrida (5,1 foiz) o‘sgan. Yillik inflyasiya bo‘yicha Farg‘ona viloyati (8,6 foiz) yetakchilik qilmoqda, eng past daraja esa Jizzax viloyatida (7,1 foiz) qayd etilgan.

Kiritildi: 18:38 02.11.2025. O'qildi: 1051 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!