2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar 78 739 nafar shaxsga nisbatan 64 902 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
Hisobot davrida 385 nafar shaxs, jumladan, 161 nafar qatag‘on qurboni oqlanib, reabilitasiya qilingan. Yarashuv instituti qo‘llanilishi natijasida yana 18 844 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
Sudlanganlar soni 57 376 nafarni tashkil etgan. Ularning 18 026 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 38 737 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan, 613 nafari shartli hukm qilingan.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangani sababli 6 377 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan. Shuningdek, 13 938 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan yoki qayta malakalangan.
Ko‘rilgan ishlar orasida firibgarlik, o‘g‘rilik, transport xavfsizligi qoidalarini buzish, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar va tan jarohati yetkazish holatlari ko‘p uchragan.