Bugun 13 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

AQShning Eronni blokada qilish bo‘yicha yangi strategiyasiga qarshi chiqayotgan davlatlarni ma’lum qildi

AQShning Eronni blokada qilish bo‘yicha yangi strategiyasiga qarshi chiqayotgan davlatlarni ma’lum qildi

Turkiya, Iroq va Pokiston AQShning Eronga nisbatan yangi strategiyasi hamda ushbu mamlakatning quruqlikdagi savdo yo‘llarini yopish rejasiga qarshi chiqmoqda.

Bu haqda The New York Times nashri xabar bermoqda.

Nashrda ta’kidlanishicha, AQShning Eronni «iqtisodiy yakkalash» kampaniyasidagi birinchi qadam mamlakat portlarini dengiz orqali blokada qilish bo‘lgan. Keyinchalik Vashington mamlakat havo transporti tarmog‘ining katta qismini «ishdan chiqargan» sanksiyalarni joriy etdi. Endi esa AQSh quruqlikdagi savdo yo‘llarini nishonga olmoqda.

Muzokaralar jarayonidan xabardor uch nafar iroqlik rasmiy va bir nafar amerikalik vakilning NYT nashriga ma’lum qilishicha, bir necha hafta davomida AQSh rasmiylari Eronga qo‘shni davlatlarni chegara o‘tish punktlarini yopishga ko‘ndirishga harakat qilgan.

Biroq Eronga qo‘shni mamlakatlar Vashingtonning bu qarori ularga ham Tehronning o‘zi kabi jiddiy iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin, deb hisoblamoqda.

7 noyabr, shanba kuni AQSh harbiylari ham mazkur kampaniyaga qo‘shilib, «Temir darvoza» (Iron Gate) nomli tezkor guruh tashkil etilganini e’lon qildi.

Harbiylar ma’lum qilishicha, guruh «Eronning quruqlikdagi chegaralari va Kaspiy dengizi orqali zamonaviy qurol-yarog‘ tizimlari, ikki maqsadda foydalaniladigan texnologiyalar, sanksiyalar ostidagi materiallar va noqonuniy moliyaviy oqimlar harakatining oldini olish» bilan shug‘ullanadi.

Biroq NYT yozishicha, ushbu tezkor guruh amalda qanday faoliyat yuritishi hozircha aniq emas.

Shu bilan birga, AQShning mazkur qarori eng katta xavfni Eronning yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lgan Iroq uchun yuzaga keltirmoqda. Bag‘dod hokimiyati o‘zi to‘liq nazorat qila olmaydigan chegara hududida tartibsizliklar kelib chiqishidan xavotirda.

Kiritildi: 11:35 12.11.2026. O'qildi: 727 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik