Poytaxtda o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichi eng yuqori (5,083 million so‘m) bo‘lib qolmoqda. Lekin oyliklar pasayishi poytaxtni ham chetlab o‘tmagan (41 foizga kamaygan). Shu bilan birga, Navoiyda o‘rtacha maosh ikki baravardan ko‘proqqa, Qarshida 92,3 foizga, Chirchiqda esa 21,6 foizga pasaygan.
Ishga takliflar soni 24 foizga ortdi
Iyul–sentyabr oylarida ish beruvchilar hh.uz platformasiga 33 mingdan ortiq faol ish o‘rinlarini joylashtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 24 foizga o‘sgan.
Platformada e’lon qilinayotgan ish takliflarining aksariyati Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq hisobot davrida poytaxtdagi ishga takliflar soni 81,9 foizgacha kamaygan.
Ish takliflari soni Jizzaxda 1,5 barobardan ko‘proq, Namanganda 49 foiz , Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Samarqandda 40 foizdan ziyod oshdi. Shunday bo‘lsa-da, hududlar kesimida bo‘sh ish o‘rinlarining 4,8 foizi Samarqand shahriga to‘g‘ri kelsa, boshqa shaharlarning ulushi 1,6 foizdan oshmaydi.
Oyliklar sezilarli kamaygan
Joriy yil III choragida Head Hunter platformasi orqali taklif etilgan o‘rtacha ish haqi 4,36 million so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 20,2 foizga kam. Poytaxtda o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichi eng yuqori (5,083 million so‘m) bo‘lib qolmoqda. Lekin oyliklar pasayishi poytaxtni ham chetlab o‘tmagan (41 foizga kamaygan). Shu bilan birga, Navoiyda o‘rtacha maosh ikki baravardan ko‘proqqa, Qarshida 92,3 foizga, Chirchiqda esa 21,6 foizga pasaygan.
Ish haqi takliflarining eng yuqori o‘sishi Andijon (+25 foiz), Samarqand va Farg‘onada (+2,7 foiz) kuzatilgan.
Bunday tebranishlarning ehtimoliy sabablari sifatida taklif tuzilmasidagi o‘zgarishlar, ommaviy bo‘sh ish o‘rinlari ulushining ko‘payishi va mavsumiy omillar ko‘rsatilmoqda.
Eng yuqori maoshlar, ilgarigidek, oliy va o‘rta boshqaruv sohasida kuzatilmoqda — 8,94 million so‘m. Bu qiymat o‘tgan yilga nisbatan 13,7 foizga kamdir. Huquqshunoslar 6,5 million so‘m bilan (21 foizga kamaygan) ikkinchi o‘rinda turibdi.
Shuningdek, taklif bo‘yicha eng yuqori beshlikka avtomobil biznesi (6,48 million so‘m), qishloq xo‘jaligi (6,16 million so‘m), investisiya va konsalting sohalari (5,44 million so‘m) kirdi. Bular orasida faqat qishloq xo‘jaligi sohasida maoshlar pasaymagan.
Xavfsizlik sohasidagi maoshlar eng past darajada bo‘lib, 1,59 million so‘mni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar kamdir. Sug‘urta sohasida 2,36 million so‘m (-62 foiz), uy xizmatchilari uchun 2,4 million so‘m (-32,3 foiz), umumiy ovqatlanish xodimlari uchun 2,65 million so‘m taklif qilindi. IT sohasida taklif etilayotgan o‘rtacha maosh 4,35 million so‘mni tashkil etgan.
Ma’muriy xodimlar sohasida taklif etilayotgan ish haqi 72,6 foizga kamayib, 3,13 million so‘mni tashkil etgan. Qurilish sohasida oyliklar 62,5 foizga (4,099 million so‘mgacha), moliya va buxgalteriya yo‘nalishida esa 47,7 foizga (5,02 million so‘mgacha) pasaygan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikda o‘rtacha nominal ish haqi 5,98 million so‘mni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkich 2024 yil mos davriga nisbatan 17,2 foizga yuqori. Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 10 million so‘mdan oshgan. Sohalar orasida moliya va IT yo‘nalishlari oyliklar yuqoriligi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Vakansiyalar qanday o‘zgardi?
Head Hunter’da berilgan ish bo‘sh o‘rinlariga takliflarning 15 foizi sotuv va mijozlarga xizmat ko‘rsatish, 11 foizi marketing va reklama sohasiga bo‘lgan. Yana 7,8 foiz ishchi qidirganlar fitnes, sport va go‘zallik yo‘nalishlariga e’lon bergan. O‘z navbatida 6,7 foiz takliflar avtomobil biznesi bo‘yicha bo‘lgan.
Eng kam takliflar sug‘urta (0,1 foiz), xavfsizlik va huquqshunoslik (0,6 foiz) sohalariga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, ish beruvchilar hh.uz saytida xarid bo‘yicha mutaxassislarni (0,7 foiz), qishloq xo‘jaligi xodimlarini (0,8 foiz) va xom ashyo qazib oluvchi ishchilarni (0,9 foiz) kamdan-kam izlashgan. Boshqa tomondan sug‘urta sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari soni 2,5 baravarga ko‘paygan.
Bundan tashqari, HR mutaxassislari, buxgalterlar va moliyaviy ekspertlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada (+54,9 foiz) oshgani. Qazib olish sohasi (+52,2 foiz) va chakana savdoda (+41 foiz) ham talab o‘sgani qayd etilgan.