Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda sil kasalligidan o‘lim holatlari 75 foizga kamaydi — JSST

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda sil kasalligidan o‘lim holatlari 75 foizga kamaydi — JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sil kasalligi bo‘yicha yangi global hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yilga kelib, 2015 yilga nisbatan sil kasalligidan o‘lim holatlari kamida 75 foizga qisqargan.

Hisobotda keltirilishicha, 2025 yilda dunyo bo‘yicha taxminan 10,6 million kishi sil kasalligini yuqtirgan, 1,13 million nafar bemor esa ushbu xastalik oqibatida vafot etgan.

Shu bilan birga, 2015–2025 yillarda jahonda sil kasalligidan o‘lim holatlari 35 foizga, kasallanish darajasi esa 14 foizga kamaygan. 2000 yildan buyon amalga oshirilgan davolash choralari tufayli qariyb 86 million kishining hayoti saqlab qolingan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham silga qarshi kurashish borasida ijobiy natijalar qayd etilgan. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichining 75 foizdan ziyod kamayishi JSSTning sil kasalligiga barham berish strategiyasida belgilangan muhim maqsadli ko‘rsatkichlardan biriga mos keladi.

Biroq dori vositalariga chidamli sil kasalligi hanuz mintaqadagi dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda silning bunday shakllari ulushi nisbatan yuqori.

Shu munosabat bilan JSST mamlakatlar hukumatlarini kasallikni erta aniqlash, samarali davolash usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va profilaktika choralarini kuchaytirishga chaqirdi.

Kiritildi: 16:41 13.11.2026. O'qildi: 487 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik