Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Germaniyaning «Vaillant» rusumli, tabiiy gazda ishlaydigan ikki konturli isitish uskunalaridan foydalanish bilan bog‘liq xavflar haqida aholini ogohlantirdi.
FVB ma’lumotida keltirilishicha, 25 oktyabr kuni Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘ida bir oiladan yetti kishi, shu kuni Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan hodisalarda yana yetti kishi, 1 noyabr kuni Qo‘qon shahrida esa besh kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan.
Boshqarma ma’lumotida aytilishicha, mazkur rusumdagi ayrim isitish uskunalari Germaniyadan ehtiyot qismlar sifatida noqonuniy yo‘llar bilan O‘zbekistonga olib kirilgan. Ular qayta jihozlanib, go‘yo yangi holatga keltirilgan va fuqarolarga sotilgan.
Shuningdek, uskunalar Germaniyada ishlab chiqarilgan asl dudburonlarisiz olib kirilgani, ularning o‘rniga yuqori harorat ta’sirida erib ketishi mumkin bo‘lgan kanalizasiya uchun mo‘ljallangan polietilen quvurlar o‘rnatilgani bildirilgan.
Boshqarma ta’kidlashicha, uskunaning havo tortish quvurlari o‘zboshimchalik bilan mato yoki boshqa buyumlar bilan to‘sib qo‘yilishi ham xavfli. Bunday holatda kislorod yetishmasligi tufayli gaz chala yonib, is gazi ajralib chiqishi mumkin.
Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolarni isitish uskunalaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Agar xonadonda mazkur kamchiliklarga ega isitish uskunasi o‘rnatilgan bo‘lsa, uni ishlatmaslik va kechiktirmasdan mutaxassislarga murojaat qilish lozim.
Boshqarma, shuningdek, boshqa isitish uskunalarini ham xonadonga o‘rnatishdan oldin ularning sifat sertifikati, foydalanish yo‘riqnomasi, xavfsizlik talablari va ishlatishga yaroqliligini mutaxassislar ishtirokida tekshirish zarurligini ta’kidladi.
FVVB fuqarolarni o‘z hayoti va oilasi xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.