Rossiya qo‘shinlari Zaporijya viloyatidagi Kamishevaxa posyolkasiga aviabombalar bilan zarba berdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lum qilishicha, zarbalar oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘lgan, yana ko‘plab insonlar jarohatlangan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, zarbadan so‘ng 27 kishi bedarak yo‘qolgan.
"Hujum gumanitar maqsadlarda foydalanilayotgan maktabga qaratilgan. U yerda mahalliy aholiga insonparvarlik yordami tarqatilardi. Birinchi zarbadan so‘ng odamlar yashiringan boshpanaga yana to‘qqizta aviabomba tashlandi", — dedi Zelenskiy.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya harbiylari Kamishevaxada qolgan aholi har haftadan beri aynan shu yerda gumanitar yordam olishini bilmasligi mumkin emas.
"Bu hujum Rossiya vaziyatni yumshatish va tinchlikka erishish niyatida emasligini ko‘rsatadi. Oleshkidagi gumanitar amaliyotdan so‘ng tinchlikka erishish uchun umid paydo bo‘lgandi, biroq Rossiyaning bugungi hujumi buning aksini ko‘rsatmoqda", — dedi Ukraina yetakchisi.