Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi 2 noyabr kuni Imarat Development qurilish loyihasi rahbari Marat Hamdamovga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llash haqida ajrim chiqardi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Marat Hamdamov avvalroq prosessual tartibda qo‘lga olingan edi.
Mazkur jinoyat ishi 1 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 192-11-moddasi (Vakolatini suiiste’mol qilish) bilan qo‘zg‘atilgan.
“Imarat Development” MCHJ qurilishi belgilangan xonadonlarni mijozlarga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda topshirmagani aytilmoqda.
Shuningdek, xaridorlar kompaniyaning loyihalaridan biri Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida amalga oshirilayotganiga qaramay, go‘yoki poytaxtda joylashgandek taqdimot qilinganini aytishgan.