Germaniyaning nufuzli Die Welt nashri Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqiga qarshi sud jarayonida erishgan muhim huquqiy g‘alabasi haqida maqola e’lon qildi.
Nashrning yozishicha, Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Usmonovga nisbatan sanksiyalar joriy etishda ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga tayangan. Jumladan, u Vladimir Putinning ishonchli vakili sifatida ko‘rsatilgan. Biroq Germaniya sudida ushbu da’volarning asosli ekani isbotlanmagan.
Usmonov Yevropa Ittifoqidan o‘zi haqidagi asossiz ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatishni talab qilib sudga murojaat qilgan. Ammo Die Welt ma’lumotiga ko‘ra, Germaniyaning ayrim davlat idoralari qariyb uch yil davomida da’voning Yevropa Ittifoqi Kengashiga rasman yetkazilishiga to‘sqinlik qilgan.
2026 yil 21 oktyabrda Germaniya Federal oliy sudi bunday harakatlarni noqonuniy deb topib, Usmonovning sud orqali himoyalanish huquqi buzilganini qayd etdi.
Qayd etilishicha, Usmonov 22 sentyabrda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan bo‘lsa-da, unga nisbatan bildirilgan ayrim ayblovlar hanuz rasmiy saytlarda saqlanib qolmoqda.
Die Welt muallifining fikricha, mazkur qaror Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan minglab shaxslar uchun muhim huquqiy presedent bo‘lishi mumkin. Endi ular ham o‘zlariga nisbatan tarqatilgan asossiz ayblovlarni milliy sudlarda bahslashish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, sud hozircha sanksiyalarning qonuniyligi yoki ayblovlarning mazmuni bo‘yicha yakuniy qaror chiqarmagan. Qaror da’voni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilgan harakatlarga taalluqli.