Bugun 3 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Germaniyada ilk bor ayol prezident saylanishi mumkin

Germaniyada ilk bor ayol prezident saylanishi mumkin

Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakatning navbatdagi prezidenti lavozimiga ayol nomzodni ilgari surish niyatida. Uning bu qarorini hukumatdagi koalisiya hamkori — Sosial-demokratik partiya ham qo‘llab-quvvatladi. Germaniya Federativ Respublikasining 77 yillik tarixida hali biror ayol prezident bo‘lmagan.

DW’ning yozishicha, dpa va AFP agentliklari 2 noyabr kuni Berlinda o‘tkazilgan Xristian-demokratik ittifoq hududiy bo‘linmalari rahbarlarining yopiq yig‘ilishi ishtirokchilariga tayanib, Mersning rejasi haqida xabar bergan.

Kansler o‘zi rahbarlik qilayotgan partiyaga markazchi siyosiy kuchlar vakili bo‘lgan ayolni yagona nomzod sifatida taklif qilmoqchi.

«Bu aynan ayol bo‘lishi kerak, degan qat’iy qarorga keldim», — deya Mersning yig‘ilishdagi so‘zlarini keltirgan agentliklar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kansler uchrashuvda aniq bir shaxsning ismini aytmagan. U nomzodni Xristian-demokratik ittifoq prezidiumining 9 noyabrdagi yig‘ilishiga qadar taqdim etishi kutilmoqda.

Avvalroq Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel ham amaldagi prezident Frank-Valter Shtaynmayerning o‘rnini ayol egallashi kerakligini aytgan edi.

Uning fikricha, har kim o‘ziga buning vaqti kelmadimikan, degan savolni berishi kerak.

Xristian-sosial ittifoq rahbari Markus Zyoder bir necha oydan buyon Ilze Aygner nomzodini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Aygner Bavariya parlamenti — landtag raisi lavozimida ishlaydi.

Xristian-demokratik ittifoqda esa boshqa ehtimoliy nomzodlar qatorida Bundestag raisi Yuliya Klyokner, Germaniya ta’lim vaziri Karin Prin va partiyaning sobiq rahbari Annegret Kramp-Karrenbauer nomzodlari muhokama qilinmoqda.

Amaldagi prezident Frank-Valter Shtaynmayer ushbu lavozimda ikki muddat ishlagani sababli navbatdagi saylovda o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Germaniya prezidentini saylash vakolatiga ega Federal yig‘in 2027 yil 30 yanvar kuni yangi davlat rahbarini saylash uchun to‘planadi. Bu sana Bundestag tomonidan rasman belgilangan.

Kiritildi: Bugun 11:52. O'qildi: 580 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!