Norma.uz axborot-huquqiy portalida e’lon qilinishicha, bu Vazirlar Mahkamasining 24.07.2019 yildagi «2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish to‘g‘risida»gi 625-son qarorida nazarda tutilgan.
«O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvi» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA), Davlat statistika qo‘mitasi va BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi.
Shu munosabat bilan qabul qilingan qaror bilan 2020-2021 yillarda multiindikator klaster kuzatuvini o‘tkazish uchun Milliy sohalararo muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi tasdiqlandi, quyidagilar uning vazifalari etib belgilandi:
· global «Multiple Indicator Cluster Survey» (MICS) dasturi talablariga muvofiq kuzatuvga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
· kuzatuv o‘tkazish uchun vakolatli organ hamda davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirib borish;
· global MICS dasturining umumiy tavsiyalariga muvofiq kuzatuv rejasi, byudjeti va savolnomalarini tasdiqlash.
Shuningdek, hujjat bilan kuzatuv o‘tkazish sxemasi tasdiqlandi.
Davlat statistika qo‘mitasi tadbirni o‘tkazish va quyidagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi:
· kuzatilishi lozim bo‘lgan uy xo‘jaliklari soni va ro‘yxatini shakllantirish;
· kuzatuv rejasi, byudjeti va savolnomalarini ishlab chiqish, ularni joylarda o‘tkazish;
· tadbir bilan bog‘liq masalalarni ishlab chiqish va hal etish uchun ekspertlarni, shu jumladan xalqaro ekspertlarni jalb etish;
· savolnomalarni to‘ldirish bo‘yicha intervyuyerlar uchun yo‘riqnomalarni ishlab chiqish va kuzatuv o‘tkazish uchun mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv treninglar tashkil etish.
Tadbirni o‘tkazish va natijalarini qayta ishlashga jalb qilingan shaxslar uchun asosiy ish joyidagi ishi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi miqdori saqlanadi.
Kuzatuvda ishtirok etadigan xodimlarga bolalarning immunizasiya holatini o‘rganish maqsadida oilaviy poliklinikalarda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning individual tibbiy kartalaridan foydalanish uchun sharoit yaratib beriladi.
«Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.07.2019 yildan kuchga kirdi» — deyiladi xabarda.