Bugun 7 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.

Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

O‘zaro hamkorlik barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. O‘zaro savdo hajmi, sanoat, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yetakchi korxonalar kooperasiyasi ko‘lami izchil ortib bormoqda.

Kuni kecha Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda Hududlar kengashining uchinchi yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda: yaqinda mamlakatimizda “San’atlar olami” deb nomlangan Rossiya san’ati festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi, ayni kunlarda esa Moskva shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Kiritildi: Bugun 16:46. O'qildi: 350 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!