Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida O‘zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Fabio Kannavaro shogirdlari dastlab 2:0 hisobida oldinga chiqdi, biroq yakunda raqibiga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Uchrashuvning 5-daqiqasida burchakdan oshirilgan to‘pni Rossiya terma jamoasi himoyachisi Viktor Melyoxin o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 46-daqiqada Behruz Karimov hisobdagi farqni ikkitaga yetkazdi.
Biroq Valeriy Karpin boshchiligidagi Rossiya terma jamoasi uchrashuvning so‘nggi qismida vaziyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. 70 va 75-daqiqalarda zaxiradan maydonga tushgan Nikolay Komlichenko dubl qayd etib, hisobni tenglashtirdi. 79-daqiqada Aleksey Miranchuk g‘alaba golini kiritdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi ikki gollik ustunlikni saqlab qola olmadi va o‘z maydonidagi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini 17 noyabr kuni Saudiya Arabistoniga qarshi safarda o‘tkazadi.