Shuningdek, Rossiya Alyansning Boltiqbo‘yi davlatlaridagi harbiy bazalarini olib tashlashini talab qilmoqda -
Bu haqda BILD xabar bermoqda.
Moskvaning "evropacha xavfsizlikning yangi tartibi"ga oid takliflari bir qancha mamlakatlarga daxldordir. Xususan, Rossiya NATOdan Estoniya, Latviya va Litvadagi harbiy bazalarini olib tashlashni, Finlyandiyadan esa Alyans safidan chiqishni talab qilmoqda.
Ushbu rejaga ko‘ra, Ukraina hech qanday blokka qo‘shilmaslik maqomini qabul qilishi va kelajakda NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechishi lozim; biroq Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyati saqlanib qoladi. Bundan tashqari, Moskva hozirda bosib olingan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishni hamda butun Donbasni — shu jumladan, Donesk va Lugansk viloyatlarining hozirda Kiyev nazoratida bo‘lgan qismlarini ham qo‘lga kiritishni istamoqda. Shuningdek, Ukraina ushbu shaharlardan harbiy-dengiz bazalari sifatida foydalanishining oldini olish maqsadida Odessa va Nikolayevni demilitarizasiya qilish (harbiy kuchlardan xoli qilish) taklif etilmoqda.
Alohida talablar Moldovaga ham taalluqli bo‘lib, unga ko‘ra, Moldova Gagauziya va Dnestrbo‘yi (Transnistriya)ni o‘z ichiga olgan federasiyaga aylantirilishi kerak. Agar Moldova Yevropa Ittifoqiga qo‘shiladigan bo‘lsa, ushbu hududlarga o‘z mustaqilligi masalasida referendum o‘tkazish huquqi beriladi.
Buning evaziga Rossiya Belarusdan o‘z yadro qurollari va o‘rta masofaga uchuvchi raketalarini, shuningdek, Dnestrbo‘yidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishni va’da qilmoqda.
BILD nashrining qayd etishicha, bu hozirgi vaqtda norasmiy muzokara doiralarida muhokama qilinayotgan bir nechta variantlardan biri, xolos. Turli vositachi guruhlar o‘zaro raqobatlashmoqda va Vladimir Putinning shaxsan ushbu aniq rejani ma’qullagan-ma’qullamagani noma’lumligicha qolmoqda.