Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri markazidagi «Atlant» turar joy majmuasi hududida derazadan tashlab yuborilgan, ichiga 100 dollarlik kupyuralar joylangan chemodanlar topildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bino oldida yerga sochilib yotgan pullarni ko‘rish mumkin. Hodisa joyi polisiya xodimlari tomonidan tezkorlik bilan o‘rab olingan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yerda jami sakkizta pul bilan to‘ldirilgan chemodan aniqlangan.
Hodisa Qozog‘istonda keng muhokama qilinayotgan korrupsiya mojarosi fonida sodir bo‘ldi. Respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) «Samruk-Qazina» jamg‘armasi boshqaruvi raisi Nurlan Jaqupov, «Qazaqstan temir joli» rahbari Yeljas Otinshiyev va yana bir qator shaxslar qo‘lga olinganini rasman tasdiqlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda topilgan pullar davom etayotgan tergov harakatlari bilan bog‘liqligi haqida taxminlar bildirilmoqda. Biroq tashlab yuborilgan kupyuralar va yuqori lavozimli rahbarlarning qo‘lga olinishi o‘rtasidagi bog‘liqlik hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Shuningdek, topilgan banknotlarning haqiqiyligi ham tekshirilmoqda.