Rossiya Ukraina hududiga ballistik raketalar bilan yangi zarbalar berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kechki murojaatida ma’lum qildi.
«Hozir razvedkadan Rossiya yangi ballistik zarbalar berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma’lumot bor. Bularning barchasini urib tushirish uchun yetarli kuchga ega bo‘lishimiz kerak... Tegishli qarorlarni kutmoqdamiz», — dedi u asosiy masalasi Rossiya ballistik raketalariga qarshi kurash bo‘lgan Oliy bosh qo‘mondon shtabi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha.
Zelenskiy bu borada Rossiyaga nisbatan amaldagi sanksiyaviy bosim yetarli emasligini ta’kidladi. Shuningdek, Ukraina hududini Rossiya ballistik raketalaridan samaraliroq himoya qilish uchun hamkorlar tomonidan yangi yordam paketlarini yetkazib berishni tezlashtirish zarurligini qayd etdi.
«Ballistik raketalarga qarshi sanksiyalar paketlari qanchalik ko‘p kechiktirilsa, Rossiyada ularni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ta’minot sxemalarini yaratishga shunchalik ko‘p vaqt qoladi», — deya aniqlik kiritdi u.
Ukraina rahbari, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari uzoq masofali javob zarbalarini kengaytirish va tezlashtirishda davom etishini ta’kidladi.