O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘z sahifasida ma’lum qildi.
«Ushbu muhim voqea Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat bilan bozorga chiqish masalalari, jumladan, eksport va import bojlari bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek, xizmatlar sohasida muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganidan dalolat beradi», — deb yozgan u.
Azizbek Urunov YEI O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish doirasida ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 31-tomon ekanligini qayd etgan.
«Bir hafta oldin Panama bilan shartnoma imzolagan edik. Shu bois hozirda 31 davlat bilan muzokaralar yakunlandi, 3 tasi qoldi», — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan bozorga chiqish protokollarini imzolagandi.