Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ayolini chuqurga tiriklayin ko‘mib, ustiga mashina bilan yopgan va o‘ldirish bilan qo‘rqitgan erga sud hukmi o‘qildi. “Daryo” muxbiri ushbu holat bilan bog‘liq sud hujjatlarini o‘rgandi.
Ma’lum qilinishiicha, bundan avval muqaddam uch marotaba sudlangan, 1995-yilda tug‘ilgan Ahtam Narziyev (ism shariflar o‘zgartirilgan) 2019-yilda E’tibor Elbekova bilan qonuniy nikohdan o‘tgan. Ular turmushi davomida 3 nafar farzandni dunyoga keltirishgan.
Er-xotin o‘rtasida tez-tez oilaviy kelishmovchilik va janjallar bo‘lib turgan. 2021-yil aprel oyining boshlarida Ahtam uyga mast holda kirib keladi. Tabiiyki, bu holatda arzimagan narsadan yana janjal kelib chiqadi. Bundan g‘azablangan er ayolni do‘pposlab, turli jarohatlar yetkazadi. Bu ham yetmaganidek, uni uyning tomorqasiga olib chiqib, qo‘liga belkurak berib, chuqur qazishni buyuradi. E’tibor homilador ekanini va qiynalayotganini aytishiga qaramasdan Ahtam uni yana urib, “chuqur kovlamasang, o‘ldiraman” deya tahdid qiladi. E’tibor qo‘rqqanidan taxminan 4–5 soat davomida ikki metrli chuqurni qazishga majbur bo‘ladi.
Shundan so‘ng, Ahtam ayolini chiqarib olish o‘rniga bo‘ynigacha tuproq tashlab, ustiga “Jiguli” rusumli avtomobili bilan yopib qo‘ygan. Jabrlanuvchi uch kun davomida ovqat va suvsiz holda qolib, hushidan ketgan.
E’tiborning aytishicha, u o‘ziga kelganida uy ichida bir ahvolda yotgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, turmush o‘rtog‘i uni yana urib, tashqariga olib chiqib, chuqurni ko‘mishni buyurgan. Ayol holsiz va kuchsiz holatda ekanini tushuntirishga harakat qiladi. Ammo u eshitishni istamaydi.
“Shu payt oldimizga itimiz aylanib keldi. Shunda u itining og‘zini sellofan bilan yopib, pichoqladi va menga ko‘rsatib, agar aytganini qilmasam itning kunini boshimga solishini bildirib, o‘ldirish bilan qo‘rqitdi. Qo‘lidagi pichoq bo‘lgani uchun meni o‘ldirishi mumkinligini o‘ylab, juda qattiq qo‘rqdim. Ortiqcha gapirmasdan o‘rani tosh bilan to‘ldirdim va ustiga tuproq tashladim. Shuncha yil bolalarimni o‘ylab, bu haqda biror-bir kishiga aytmadim, aytolmadim”, deydi E’tibor ko‘zda yosh bilan.
Turli zo‘ravonlik, xo‘rlik va tahqirlanishlarda charchagan ayol 2025-yilning 2-fevral kuni navbatdagi janjallardan birida jahl ustida turmush o‘rtog‘ining ustidan tuman Ichki ishlar bo‘limiga arz qiladi. Sud jarayonida E’tibor turmush o‘rtog‘iga nisbatan moddiy tomondan da’vosi yo‘qligini, chora ko‘rishni so‘rashga qo‘rqishligi va shu sababli da’vo qilmasligini bildirgan.
Erkak sudda aybiga iqrorligini va chin dildan pushaymonligini, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini inobatga olib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Biroq sud hukmi bilan Ahtam Narziyev Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a, b” bandlari va 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 3 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.