O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar “Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofotni Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida Misr bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.
“Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun” mukofoti — Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan. Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
Kiritildi: 15:15 03.09.2026.
O'qildi: 999 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.