O‘zbekistonda 2024–2030 yillarga mo‘ljallangan Chang-to‘zon bo‘ronlariga qarshi kurashish milliy dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2028 yilga qadar kuchli chang-to‘zon bo‘ronlari yuzaga kelish intensivligini 50 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita xabarida ta’kidlanishicha, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekotizimlar degradasiyasi natijasida qariyb 3 million gektar yerdan foydalanish imkoniyati yo‘qolgan. Ushbu hududning 56 foizdan ortig‘i kuchli shamol eroziyasiga uchramoqda. O‘zbekistonda yerlarning degradasiyasi va cho‘llanishidan kelib chiqadigan yillik iqtisodiy zarar 830 million dollarga baholanmoqda.
Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, shahar hududidan tashqaridagi manbalardan shamol orqali keladigan chang Toshkent shahridagi PM2.5 mayda zarrachalarining yillik o‘rtacha konsentrasiyasining 36 foizgacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Quruq yoz oylarida esa bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshadi.
Shuningdek, atmosfera havosi sifatini kuzatish bo‘yicha 347 ta avtomatlashtirilgan stansiyadan iborat yagona tarmoqni tashkil etish, ko‘p omilli erta ogohlantirish tizimini rivojlantirish, degradasiyaga uchragan yerlarni tiklash va himoya yashil hududlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston mintaqaviy monitoring va chang-to‘zon bo‘ronlarini prognoz qilish infratuzilmasini rivojlantirish, chang manbalarini sun’iy yo‘ldoshlar orqali baholash, degradasiyaga uchragan landshaftlarni tiklash, yaylovlar va suv resurslarini barqaror boshqarishni joriy etish, shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilishni taklif etdi.