O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Angliyaning grand klublaridan biri — «Manchester Siti» vakillari, shuningdek, «Kinkladze Global» va «SMH Sports» kompaniyalari delegasiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yuqori martabali mehmonlarni qabul qilishda mamlakat Sport vazirligi, MOQ hamda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi (O‘FA) rahbariyati ishtirok etdi.
Muzokaralarning bosh mavzusi O‘zbekistonda professional futbol tizimini yangi bosqichga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni aniqlash (seleksiya) va mahalliy murabbiylarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ldi. Bundan tashqari, uchrashuvda dunyoga mashhur «City Football Group» xoldingi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yurtimiz klublari va «Manchester Siti» o‘rtasida sheriklik bitimlarini imzolash hamda ingliz klubining zamonaviy metodikasi asosida yosh futbolchilarni tayyorlash dasturlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Angliya klubining hamkorlik dasturlari bo‘yicha direktori Jonatan Smit o‘zbek futboli so‘nggi yillarda xalqaro maydonda katta yutuqlarga erishayotgani va jahon hamjamiyati diqqat markaziga tushganini e’tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonlarda O‘zbekistondagi iqtidorli yosh avlod vakillarining salohiyati katta qiziqish uyg‘otgan.
Ma’lum qilinishicha, ingliz delegasiyasining yurtimizga tashrifi faqat rasmiy uchrashuv bilan cheklanib qolmaydi. Mehmonlar poytaxtdagi zamonaviy «Olimpiya shaharchasi» infratuzilmasi, «Paxtakor» va «Bunyodkor» klublarining mashg‘ulot bazalari bilan tanishadi. Shuningdek, dastur doirasida respublika hududlaridagi qator futbol klublari faoliyatini ham ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan.