2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro mundial oldidan yutubdagi Markaziy Sektor kanalining maxsus soni uchun intervyu berdi.
Italiyalik mutaxassis terma jamoaning bugungi kundagi eng mashhur futbolchisi Abduqodir Husanov haqida ham fikr bildirib, 22 yoshli himoyachining salohiyatini yuqori ta’kidladi.
Kannavaro intervyu davomida Husanovning ustun jihatlarini e’tirof etgan holda “Uning salohiyati juda katta. U Pep Gvardiola qo‘l ostida “Manchester Siti”da o‘ynadi”, - dedi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Husanov e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan kamchiliklarni ham tilga oldi. Xususan, Kannavaro Husanovga o‘yin vaziyatlarini yaxshiroq o‘qishni o‘rganish muhimligini va Abduqodirning o‘yinida ortiqcha follar ko‘pligini aytdi.
Bundan tashqari, futbolchilik davrida jahonning eeng zo‘r himoyachilaridan bo‘lgan italiyalik mutaxassisning fikricha, Husanov ba’zan jismoniy kuchiga ortiqcha tayanadi. Shu sababli himoyachi keraksiz sariq va qizil kartochkalar oladi.
Kannavaro Abduqodir maydonda raqibning joylashuvini hisobga olishi kerakligini, xususan, maydonning turli hududlarida amalga oshiriladigan harakatlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
- Agar raqib yon chiziq yaqinida bo‘lsa, nima uchun unga nisbatan darhol fol qilish kerak? Bunday vaziyatda raqib harakatini nazorat qilish va to‘pni olib qo‘yish uchun mos fursatni kutish yaxshiroq, - deya tushuntirdi Fabio Kannavaro.
Shu bilan birga, Kannavaro jarima maydonida vaziyat butunlay o‘zgarishini ta’kidlab, Husanovni jarima maydonida boshqacharoq harakat qilishga chaqirdi. Abduqodir markaziy himoyachi pozisiyasida to‘pni olib qo‘yish uchun maksimal darajada harakat qilishi shart.
O‘z davrida himoyachi sifatida katta tajriba to‘blagan Fabio Kannavaro mana shunday holatlarni to‘g‘ri tushunish Husanovga tezroq o‘sishga yordam berishiga ishonch bildirdi va bunday xatolar yosh futbolchi uchun oddiy holat ekanini ham ta’kidladi.