2026 yil 1 iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshiriladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, aholi gaz va elektr uchun oldindan to‘lov qilsa, ikki oy davomida eski tariflardan foydalanishi mumkin. Tadbirkorlar uchun esa bu imtiyoz bir oy amal qiladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, tariflar o‘zgarganidan keyin:
— aholi avvaldan to‘langan hajm uchun 2 oygacha qo‘shimcha to‘lovdan ozod etiladi;
— tadbirkorlik sub’ektlari uchun mazkur muddat 1 oy etib belgilangan.
Muhim jihati, eski tariflar faqat ijtimoiy me’yor doirasida amal qiladi. Ya’ni:
— elektr energiyasi bo‘yicha oyiga 200 kVt/soatgacha;
— tabiiy gaz bo‘yicha esa mavsumga qarab 100 yoki 500 kub metrgacha.
Belgilangan me’yordan ortiq sarf qilinsa, oshirilgan yangi tariflar qo‘llaniladi.
1 iyundan elektr energiyasi uchun yangi tariflar quyidagicha bo‘ladi:
— 200 kVt/soatgacha — 650 so‘m;
— 201–500 kVt/soat — 900 so‘m;
— 501–1000 kVt/soat — 1100 so‘m.
Tabiiy gazning bazaviy narxi esa 1 kub metr uchun 2 ming so‘m etib belgilandi. Aholi uchun ijtimoiy me’yor doirasida gaz narxi 1100 so‘mdan saqlanib qoladi.