Bugun 12 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘smirning o‘limi sababli Qirg‘iziston FVV rahbariga hayfsan berildi, uch nafar amaldor ishdan bo‘shatildi

O‘smirning o‘limi sababli Qirg‘iziston FVV rahbariga hayfsan berildi, uch nafar amaldor ishdan bo‘shatildi

Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vaziri Kanatbek Chinibayevga Ala-Archada 14 yoshli o‘smirning halok bo‘lishi holatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, qattiq hayfsan e’lon qilindi.

Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, hayfsan mamlakat prezidenti Sadir Japarov tomonidan Chinibayevning o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagani sababli berilgan.

Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Almazbek Asanov, FVVning Inqirozli vaziyatlarni boshqarish markazi rahbari Aziz Egemberdiyev hamda Qutqaruvchilarni tayyorlash davlat markazi boshlig‘i Tinarbek Murashov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi xabar berishicha, tekshiruv tezkor harakatlarni tashkil etish, qutqaruv bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va idoraviy nazoratda jiddiy kamchiliklarni aniqlagan.

«Jumladan, hodisa haqidagi ma’lumotlarni FVVning tegishli bo‘linmalari rahbariyatiga o‘z vaqtida yetkazmaslik, navbatchi xizmatlar va qutqaruv guruhlari o‘rtasidagi hamkorlikning yetarli darajada emasligi, shuningdek, qidiruv-qutqaruv tadbirlarini tashkil etish va muvofiqlashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi. Idora tezkor harakatlanish tizimini takomillashtirishi, qutqaruv bo‘linmalari o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirishi, tog‘li hududlarda barqaror aloqani ta’minlashi, shuningdek, inson hayotiga xavf tug‘ilganda qo‘shimcha kuch va vositalarni o‘z vaqtida jalb etishi lozim.

Qayd etish joizki, 7 noyabr kuni 14 yoshli Amir Kunakunov Ala-Archada bedarak yo‘qolgan. O‘smir yugurish musobaqasida ishtirok etishni rejalashtirgan, biroq yoshi sababli unga musobaqada qatnashishga ruxsat berilmagan. Shundan so‘ng u mustaqil ravishda Adigine tomon yo‘l olgan.

Kechqurun bola FVVga qo‘ng‘iroq qilib, adashib qolganini ma’lum qilgan. 9 noyabr kuni uning jasadi Elektro cho‘qqisi hududidan topilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, o‘limga sovuq qotish sabab bo‘lgan.

Kiritildi: 14:30 11.11.2026. O'qildi: 896 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik