Ukrainaning oktyabr oyi oxiridan beri davom etayotgan dron hujumlari Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatini taxminan 30 foizga qisqartirdi. Bu haqda soha manbalariga tayanib Reuters xabar berdi.
Kiyev va Moskva o‘rtasida energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha Tramp e’lon qilgan sulh kuchga kirmadi. Shundan so‘ng, oktyabr oxiridan berib Ukraina Rossiya zavodlariga zarbalarni kuchaytirdi. Neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar ortidan Rossiyaning bir qator hududlari, jumladan Moskvada yonilg‘i tanqisligini yanada kuchaymoqda.
Oktyabr oyi oxiridan beri dron hujumlariga uchragan zavodlarning kunlik quvvat jami 300 ming tonnani (2,2 million barrel) tashkil etadi. Ular orasida Rossiya markazidagi uchta yirik korxona ham bor. Taqqoslash uchun, Rossiyaning umumiy boshlang‘ich qayta ishlash quvvati kuniga taxminan 930 ming tonnani tashkil qiladi.
Oktyabr oxirida Rossiya zavodlari kuniga taxminan 700 ming tonna (5 million barrel) xom neftni qayta ishlayotgan edi. Manbalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, amalda neftni qayta ishlash hajmi kuniga 200 ming tonnagacha kamaygan bo‘lishi mumkin. Hujumga uchragan korxonalar orasida Ryazan, Yaroslavl va Volga bo‘yidagi zavodlar bor.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina Trampning Rossiya energetika ob’ektlariga zarbalarni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlariga e’tibor bermayotganini aytdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa o‘tgan haftada Rossiyaning Ukrainadagi energetika va infratuzilma ob’ektlariga bergan zarbalariga javoban neft sohasidagi nishonlarga hujumlarni davom ettirayotganini bildirdi.