Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) xabariga ko‘ra, Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan amaliyot natijasida Novorossiysk portida Sub Sea Baby dengiz dronlari yordamida 636.3 “Varshavyanka” sinfidagi Rossiya suvosti kemasiga zarba berilgan.
Ta’kidlanishicha, portlash oqibatida suvosti kemasi jiddiy darajada shikastlangan va amalda safdan chiqarilgan. SBU ma’lumotiga ko‘ra, mazkur suvosti kemasi bortida Rossiya Ukrainaga hujumlarda qo‘llab kelayotgan “Kalibr” qanotli raketalari uchun to‘rtta uchirish qurilmasi bo‘lgan.
SBU, shuningdek, avval ushbu suvosti kema anneksiya qilingan Qrimdagi Sevastopolda joylashganini, biroq Sea Baby dengiz dronlarining muvaffaqiyatli maxsus amaliyotlari sababli keyinchalik Novorossiyskka ko‘chirilganini qayd etdi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, xalqaro sanksiyalarni inobatga olgan holda, hozirda shunday suvosti kemasini qurish narxi 500 million dollargacha yetishi mumkin.