Bugun 23 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Turkmaniston gazi O‘zbekistonga yangi yo‘nalishdan kelishi mumkin

Turkmaniston gazi O‘zbekistonga yangi yo‘nalishdan kelishi mumkin

“Markaziy Osiyo gaz halqasi” loyihasi Turkmanistondan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning qo‘shimcha yo‘nalishini yaratishi mumkin. Bu haqda Jenevadagi Global gaz markazi (GGC) ijrochi direktori Valeri Dyukro Ashxoboddagi “Turkmaniston neft va gazi — 2026” xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalish O‘zbekiston va Qozog‘istonga, gaz quvurlari o‘zaro ulangan taqdirda esa Qirg‘iziston va Tojikistonga ham gaz yetkazib berish imkoniyatini kengaytiradi. Bunda Turkmanistonning amaldagi eksport majburiyatlari saqlanib qoladi.

Turkmaniston hozir ham O‘zbekistonga gaz yetkazib beradi. Jumladan, 2023 yilda “Turkmangaz” va UzGasTrade yiliga 2 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli shartnoma imzolagan.

2026 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan jami 1,21 milliard dollarlik gaz import qilgan. Statistikada har bir mamlakatning alohida ulushi keltirilmagan.

Euronews ma’lumotiga ko‘ra, “gaz halqasi” 3 ming kilometrdan ortiq yangi va modernizasiya qilinadigan quvurlarni qamrab olishi mumkin. Tashabbus mualliflari loyiha qiymatini taxminan 5 milliard dollar, yillik o‘tkazish quvvatini esa 20 milliard kub metr deb baholamoqda.

Mazkur tarmoq mavjud gaz quvurlarini bog‘lash va gaz oqimlarini turli yo‘nalishlarda boshqarish orqali, ayniqsa qishda, ta’minot barqarorligini oshirishga qaratilgan.

Dyukro gaz tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash, investisiya jalb qilish va eksport yo‘nalishlarini ko‘paytirishni asosiy vazifalar sifatida sanadi.

Kiritildi: 23:50 22.10.2026. O'qildi: 1199 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!