Bugun 20 fevral, 2026 yil, juma

КИР

“Turk restavrasiya va konservasiya laboratoriyalari tarmog‘i” nomli Xalqaro tajriba almashish dasturi o‘z ishini Istanbul shahrida davom ettirdi

“Turk restavrasiya va konservasiya laboratoriyalari tarmog‘i” nomli Xalqaro tajriba almashish dasturi o‘z ishini Istanbul shahrida davom ettirdi

“Adabiyot va san’at” portaliga Turk Madaniyati va Merosi Fondidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, yetti davlatdan kelgan mutaxassislarni Anqara va Istanbulda birlashtirgan loyiha arxeometriya, me’moriy yodgorliklarni muhofaza qilish va suv osti arxeologiyasi kabi yo‘nalishlarda Turkiyaning mavjud texnik tajribasini ishtirokchi mamlakatlar bilan bo‘lishishni maqsad qilgan.

Dastur doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Vengriya va Turkmanistondan kelgan madaniy muassasalar vakillari, tadqiqotchi olimlar va ekspertlar ma’ruzalar bilan chiqish qilib, turkiy merosni asrash borasidagi tajribalarini o‘zaro baham ko‘rishdi.

Dastur Istanbulning Umraniye tumanidagi tarixiy Hekimboshi Ov Ko‘shkida o‘tkazilgan ishchi seminar hamda sertifikatlar topshirish marosimi bilan yakunlandi.

Yopilish marosimida so‘zga chiqqan Fond prezidenti Aktoti Raimkulova ushbu dastur turkiy dunyoda madaniy merosni muhofaza qilish sohasida professional hamkorlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim platforma ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, restavrasiya va konservasiya laboratoriyalari me’moriy yodgorliklar, tarixiy artefaktlar va umumiy madaniy xotirani asrashda muhim rol o‘ynaydi. Bunday tashabbuslar esa turkiy dunyoda barqaror hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.

Fond prezidenti, shuningdek, Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vazirligiga, TİKAga, Turk Dunyo Fondiga hamda dastur amalga oshirilishiga hissa qo‘shgan barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirib, bu kabi loyihalarni kelgusida ham davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda TDV Homiylar kengashi raisi Nabi Avji, Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri o‘rinbosari Gyokxan Yazgi, turkiy dunyoning turli hududlaridan madaniy meros ekspertlari, Turkiyada akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Kiritildi: 22:21 19.02.2026. O'qildi: 134 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!