Bugun 19 fevral, 2026 yil, payshanba

КИР

Zalujniy Zelenskiy bilan o‘rtasida boshlangan ziddiyat haqida gapirdi

Zalujniy Zelenskiy bilan o‘rtasida boshlangan ziddiyat haqida gapirdi

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Associated Press agentligiga bergan intervyusida prezident Vladimir Zelenskiy bilan yuz bergan bir qator kelishmovchiliklar haqida gapirdi.

Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi va Zelenskiy o‘rtasidagi ilk tortishuvlar Rossiyaning Ukraina bilan katta urushi boshlanganidan keyin deyarli darhol paydo bo‘lgan. Ziddiyat 2022 yil kuzida Ukraina Xavfsizlik xizmatining (UXX) o‘nlab xodimlari Zalujniy kabinetiga tintuv o‘tkazish uchun kelganida jiddiy nuqtaga yetgan.

Zalujniy bu 2022 yil sentyabr oyi o‘rtalarida, Ukraina Qurolli kuchlari mamlakat shimoli-sharqida qarshi hujum uyushtirganida sodir bo‘lganini aytdi. Uning Kiyevdagi kabinetiga UXX o‘nlab agentlari - u yerda Britaniya zobitlari bo‘lgan paytda kirib kelgan. UXX xodimlari aynan nimani qidirayotganini tushuntirmagan, ammo Zalujniy ularga hujjatlar va kompyuterlarni tekshirishga ruxsat bermagan. Sobiq bosh qo‘mondonning fikricha, tintuv “qo‘rqitish harakati” edi.

Zalujniy, shuningdek, NATO hamkorlari bilan birgalikda 2023 yil yozida ishlab chiqilgan qarshi hujum rejasi Zelenskiy va boshqa amaldorlar zarur resurslarni ajratmagani uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytdi.

Sobiq bosh qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki reja Zaporijjya oblastini ozod qilish uchun yetarli kuchlarni “yagona mushtda” to‘plash, keyin esa Azov dengiziga chiqish edi. Bu Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning ta’minot yo‘lini kesib qo‘yish imkonini berardi. Zalujniy fikriga ko‘ra, buning uchun keng ko‘lamli, konsentrasiyalashgan kuchlarni to‘plash va taktik kutilmagan harakatlar kerak edi. Buning o‘rniga, kuchlar keng hudud bo‘ylab tarqalib ketgan, bu esa ularning hujum kuchini zaiflashtirgan.

Zalujniy o‘zining siyosiy ambisiyalari haqida gapirishdan bosh tortadi. "Urush tugamaguncha yoki harbiy holat bekor qilinmaguncha, men buni muhokama qilmayman", — dedi u.

Valeriy Zalujniy Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilgan taqdirda Zelenskiyning asosiy raqibi bo‘lishi mumkinligi aytiladi. 2026 yil yanvar oyi boshida natijalari e’lon qilingan so‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning 23 foizi Zalujniyga, 20 foizi Zelenskiyga ovoz berishga tayyor.

Kiritildi: Bugun 12:55. O'qildi: 785 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!