Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 9-sinf o‘quvchisi tomonidan pichoqlangan profilaktika inspektorining hozirgi holati haqida ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, kecha, 18 fevral kuni Qo‘qon shahri «Sadoqat» mahallasida yashovchi 38 yoshli fuqaro A.SH. (ona), mahalla profilaktika inspektori katta leytenant Jahongir Mahmudovga qo‘ng‘iroq qilib, 16 yoshli o‘g‘ili O‘.O‘.ning xulqida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilib, uyida oila a’zolari bilan janjallashayotgani hamda maktabga borishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan.
Profilaktika inspektori holatni o‘rganish maqsadida manzilga yetib borib, A.SH. bilan farzandining xulq-atvori haqida xizmat xonasida malakali inspektor-psixologni jalb etgan holda profilaktik suhbat o‘tkazish zaruratini tushuntirgan. Shu vaqtda o‘rta maktabning 9-sinfida o‘quvchi O‘.O‘. J.Mahmudovning chalg‘ib turganligidan foydalanib, uning orqa tarafidan yaqinlashgan va qo‘lidagi oshxona pichog‘ini xodimning chap orqa beliga sanchib olgan.
«Og‘ir jarohat olganiga qaramasdan, profilaktika inspektori zudlik bilan fuqaro O‘.O‘.ni jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirib, voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan.
Ichki ishlar organlarining voqea joyiga yetib kelgan yordamchi kuchlari tomonidan xonadonda yashovchi fuqarolarning xavfsizligi to‘liq ta’minlanganidan so‘ng, profilaktika inspektori Jahongir Mahmudov shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan», deyiladi IIV rasmiy axborotida.
Birlamchi tekshiruvga ko‘ra, xodimga «Ko‘krak qafasi chap orqa tomoni plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish» tashxisi qo‘yilib, shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlangan.