Bu haqda CBS News xabar bermoqda.
Bu haqda AQShning Milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali amaldorlari Donald Trampga ma’lum qilgan, ammo prezident hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan.
Shuningdek, yaqin uch kun ichida Pentagon Yaqin Sharqdan xodimlarning bir qismini Yevropa yoki Qo‘shma Shtatlarga evakuasiya qiladi. CBS News manbasiga ko‘ra, bu ehtimoliy harbiy faollik oldidan ko‘riladigan odatiy choradir va hujum muqarrar ekanini anglatmaydi.
Axios nashrining yozishicha, AQSh Eron bilan yirik urushga yaqinlashmoqda, harbiy to‘qnashuv ehtimoli 90 foiz. Nashr manbalariga ko‘ra, Eronga qarshi ehtimoliy operasiya AQSh va Isroil ishtirokidagi bir necha haftalik kampaniya shaklida bo‘lishi mumkin.
Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqda harbiy ishtirokini sezilarli darajada kuchaytirdi. So‘nggi kunlarda Qo‘shma Shtatlarning 50 dan ortiq qiruvchi samolyoti Yaqin Sharqqa joylashtirildi.
AQSh Eron bilan keskinlik fonida Yaqin Sharq mintaqasida USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhini joylashtirgan edi. Shuningdek, Vashington mintaqada THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi batareyalarini joylashtirdi.
Bundan tashqari, The New York Times nashrining xabar berishicha, Vashington USS Gerald Ford aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhini Karib dengizidan Yaqin Sharq mintaqasiga yo‘naltirgan.